• Nov

    22

    2012
  • 9925
img

Prostatit.

Prostatit.

 Prostatit.

            Prostatit bu, prostata bezini yallig’lanishi. Erkaklar jinsiy a'zolarida eng ko'p uchraydigan kasallik bo'lib odatda 30-50 yoshda uchraydi.

            Prostatik sindrom kechishiga ko'ra o'tkir yoki (3 oydan ko'p bo'lsa) surunkali bo'ladi.

            Bu kasallikning rivojlanishiga sabab, kichik tozning venoz tomirlarida qon aylanishi buzilishi (ich qotishi, kam xarakat xayot tarzi, uzoq vaqt jinsiy aloqadan tiyilish yoki aloqalar sonini ko'paytirish, sovqatish, alkogolizm va hakozolar).

            Prostatit tasnifi.

I. O'tkir prostatit. Xar doim infektsion kelib chiqishga ega.

II. Infektsion surunkali prostatit. Surunkali prostatitlar ichida 5-10% ni tashkil qiladi. Klinik simptomlari va laborator belgilari prostatitga xos, infektsion qo'zg’atuvchi mavjud.

III. Infektsion bo'lmagan surunkali prostatit (Yoki surunkali tos og’rig’i sindromi). Surunkali prostatitlar ichida 90% xollarda uchraydi. Prostatitning klinik simptomlari, manfiy bakteriologik tekshiruvlar. Prostatitning laborator belgilariga qarab 2 tipga bo'linadi:

·         A tip - Prostata bezi sekretida leykotsitlar soni oshishi bilan kechadigan (Yallig’lanish sindromi).

·         B tip - Prostata bezi sekretida leykotsitlar soni oshmasligi bilan kechadigan (yallig’lanishsiz sindrom).

IV. Yallig’lanish kompanentli simptomsiz prostatit. Prostatit simptomlari bo'lmaganligi sababli faqat boshqa sababdan tekshiruvlar natijasida aniqlanadi.

            O'tkir prostatit prostata beziga infektsiyani gematogen, limfogen yoki qo'shni a'zolardan o'tishi  natijasida kelib chiqadi. O'tkir prostatitni qo'zg’atuvchilari spektri, siydik yullaridagi boshqa o'tkir infektsion jarayonlarni qo'zg’atuvchilari bilan bir xil. Asosiylari gramm manfiy anaerob bakteriyalar: E. Coli - 80% ni tashkil qiladi, Serratia Pseudomonas, Klebsiella Pseudomonas, Proteus Pseudomonas – 10-15%; grammusbatlardan: Enterococcus – 5-10%.

            Infektsiyani prostataga kirish yo'llari xilma xil. Asosiylari: kanalikulyar yo'l – Siydik chiqaruv kanalining orqa bo'limi prostata bezi chiqaruv yo'llaridan. Limfogen yo'l – o'tkir uretritda. Gematogen yo'l – bakteriemiyada.

O'tkir prostatit bilan xastalanganlar qiynalib, tez-tez, oz-ozdan siyishga, siyish vaqtida achishish yoki og’riqqa, qov, oraliq va orqa chiqaruv teshigi soxasidagi og’riqlarga, og’riqlarni moyaklarga, jinsiy olatga tarqalishiga, shikoyat qiladilar. Shu bilan birga umumiy intoksikatsiya belgilari qo'shiladi: tana xaroratini ko'tarilishi, umumiy xolsizlik, qaltirash, ko'ngil aynish. Qaltirashni qo'shilishi kasallik jiddiylashganidan darak beradi. 20-30 daqiqada qaltirash o'tadi, lekin umumiy xolsizlik, terlash,  kuchayadi va tez charchash paydo bo'ladi.

Qandli diabet, alkogolizm, narkomaniya kasallikni asl ahvolini berkitishi mumkin. Bemorning shikoyatlari bo'lmasligi mumkin yoki faqat ich kelishi vaqtidagi og’riqlar, o'tirgan vaqtda to'g’ri ichakda va oraliqda bosimga shikoyat qilishi bilan kifoyalanishi mumkin.

Rektal ko'rik(orqa peshobdan barmoq bilan ko'rish)da prostata kattalashgan, shishgan, og’riqli, o'rta egati aniqlanmaydi, flyuktuatsiya(chayqalish) o'choqlari aniqlansa prostata abstsessi boshlangandan darak beradi. Yallig’langan prostataning va prostata atrofi to'qimalarini kattalashib ketishi natijasida siydik chiqaruv kanalining orqa qismini ezilishi, siydik ushlanib qolishiga sabab bo'ladi. To'liq siydik tutilishi kuzatilishi mumkin. O'tkir prostatit umumiy shamollash belgilarini ustunligi bilan o'tib ketishi mumkin. Shuning uchun erkaklarda tana xarorati ko'tarilganda prostata bezini rektal ko'rish lozim. Jarayon siydik pufagi atrofi to'qimasiga yoki siydik qopi devoriga o'tganda o'tkir sistit belgilari paydo bo'ladi, tez-tez siyish, siydik qistovlar. Jarayon to'g’ri ichak devoriga o'tganida ich kelgandagi og’riqlar, oraliq soxasida og’riq paydo bo'ladi.

O'tkir prostatitda prostata massaji mumkin emas. Shuning uchun rektal ko'rik extiyotkorlik bilan o'tkazilishi kerak.

Tekshiruvlarda 4 stakanli sinama (siydikni 4.ga bo'lib topshirish)ni buyurishdan maqsad, Meares va Stamey ta'riflagandek uretra, prostata yoki siydik pufagidagi infektsiyani aniqlash. 10 yil avval Drach et al. tasnifi Meares va Stamey ishiga asoslangan tasnif taklif qilingan. Unga ko'ra prostata sekretidan va siydik namunasidan (VB1 - birinchi siydik portsiyasi, VB2 - o'rta siydik portsiyasi, VB3 - siydik portsiyasi prostata bezini massaj qilingandan keyin olinadi) topilgan leykotsitlar soni yoki bakteriyalar ekmasini o'sishiga qarab prostatitlarning har xil tipi tasniflanadi.

Surunkali bakterial prostatit erkaklarda qaytalanuvchi SYI (siydik yo'llari infektsiyasi) natijasida kelib chiqadi VA ALBATTA DAVOLANSA BO'LADI FAQAT TAShXIS TO'G’RI QO'YILSA BO'LDI.

Qo'yidagi holatlarni hech biriga yaqqol prostatit yoki surunkali prostatit sabab bo'lmaydi va antibiotiklar bilan tuzalmaydi: Sperma hajmini kamligi (gipospermiya), Spermatozoidlarning miqdorini kamligi (Oligozoospermiya), Spermatozoidlarni harakatchanligini  kamligi (astenozoospermiya), Oligoastenozoospermiya, O'lik spermatozoidlarni ko'pligi bilan birga kelishi (Teratooligoastenozoospermiya), Muddatdan avval bo'shalish (tez tashlash), Jinsiy olatni etarli qattiq bo'lmasligi (Erektil disfunktsiya eski nomi impotentsiya(jinsiy zaiflik)), Jinsiy aloqaga xohishni kamayishi, Yoshi kattalardagi jinsiy qobilyat buzilishi va hakozolar.

Siydik bakterial ekmasi va prostata suyuqligini tekshirish: prostata bezi suyuqligini mikroskopiyasi va miqdoriy segmentar bakteriologik lokalizatsiyali ekmasi bemorlarda prostatitni baholashda muhim tekshiruv hisoblanadi.

Enterobacteriaceae, xususan E.coli eng ko'p tarqalgan qo'zg’atuvchilardan biridir.

Prostatit bilan kelgan bemorlarda tekshiruv ketma-ketligi.

Anamnez

Fizikal tekshiruv

Siydikning umumiy tahlili va o'rtacha ulushining bakterial ekish yo'li bilan tekshirish.

Venerik kasalliklarni istisno qilish.

Siyish kundaligi, urofloumetriya (siydik oqimini registratsiyasi),  qoldiq siydikni aniqlash.

Siydikning 4 stakanli taxlili, u Meares va Stamey tomonidan kiritilgan.

Infektsiya aniq topilgan bemorlarda antibakterial terapiya. 2 hafta o'tgach bemorning ahvoli yaxshilanmasa keyingi tekshiruvlar, masalan: videourodinamika o'tkaziladi.

O'tkir bakterial prostatit jiddiy infektsiya sifatida kechishi va parenteral davo muolajalari talab etilishi mumkin. Bemorga yotoq rejim belgilanadi va keng spektrga ega bo'lgan penitsillinlar, 3 avlod sefalosporinlar yoki ftorxinolonlar qo'llaniladi. Davo muolajalari klinik belgilar to'liq yo'q bo'lib ketguncha o'tkaziladi.

            Surunkali prostatitda aminoglikozidlar qo'llanilmaydi, shunday bo'lsada ular Gramm manfiylarga yaxshi faollikka ega. Bu guruh dorilar parenteral yo'l orqali kiritiladi. Ularga nisbatan qarshi ko'rsatmalar - allergik reaktsiyalar. Umumiy kurs, davolashda 4-6 hafta davom etadi. Albatta dorilar yuqori dozada buyuriladi. Xo'jayra ichi bakteriyasi aniqlanganda yoki gumon qilinganda tetratsiklin yoki eritromitsin buyuriladi. Prostata ichiga antibakterial preparatlarni kiritish tabletka bilan davolanish samarasiz bo'lganda qo'llaniladi.

            Surunkali prostatit aktual mavzu bo'lmaganligi uchun maqolamizda keng o'rin bermadik!

Urolog Qosimov Saidakrom Olimovich